“SLAVUTICH” RESPUBLIKA UKRAIN MADANIY MARKAZI
Ukrainlarning o‘zbek diyoriga ommaviy tarzda ko‘chib kelishlari to‘g‘risidagi dastlabki ma’lumotlar XIX asrda qayd etilgan. Bugungi kunda O‘zbekiston hududida 71 mingdan ortiq etnik ukrainlar istiqomat qiladi. Ukrainlarning o‘ziga xos madaniyatining saqlanishi va rivojlanishiga 2001 yilda tashkil etilgan “Slavutich” Respublika ukrain madaniy markazi hamda uning Nukus va Angren shaharlari, shuningdek, Toshkent viloyatidagi bo‘linmalari katta hissa qo‘shib kelmoqda.
“Slavutich” faollari tomonidan ukrain san’ati festivallari, xalq ijodiyoti ko‘rgazmalari, ukrain tili bo‘yicha konkurslar va viktorinalar kabi turli tadbirlar tashkil qilinadi.
Markaz qoshida “Cheremshina” va “Lavanda” ansambllari tashkil etilgan bo‘lib, bu jamoalar O‘zbekiston va Ukraina mustaqillik kunlariga bag‘ishlangan o‘zbekukrain do‘stligi kechalari, Slavyan yozuvi va madaniyati kunlari, milliy bayramlar — Rojdestvo, Pasxa, Ivan Kupala hamda 9 May — Xotira va Qadrlash kunini nishonlash kabi tadbirlarning doimiy ishtirokchilari sanalishadi. Markazning aksariyat loyihalari “O‘zbekiston — Ukraina” do‘stlik jamiyati bilan birgalikda amalga oshiriladi.
“Slavutich” madaniy markazida asarlari o‘zbek tilida nashr etilgan ukrain yozuvchilari va shoirlari kitoblarining taqdimoti, Alisher Navoiy, Zulfiya, Hamid Olimjon, G‘afur G‘ulom, Muxtor Ashrafiy, Nikolay Gogol, Sergey Vasilyenko, Ivan Franko kabi o‘zbek va ukrain xalqlarining san’at va adabiyot sohasidagi taniqli arboblari hayoti va ijodiga bag‘ishlangan adabiy va musiqali kechalar o‘tkaziladi.
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida har yili o‘tkaziladigan Shevchenko kunlari, uning Toshkentdagi haykali yonidagi uchrashuvlar ham markazning xayrli an’analaridan hisoblanadi. Ukrain adabiy tilining asoschisi, uzoq yillar davomida Orol dengizi bo‘yida surgunda yashagan va ikki xalq do‘stligining timsoli hisoblanuvchi Taras Shevchenko haykali markazning tashabbusi bilan Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida ham o‘rnatilgan.
Markazda turli yillarda O‘zbekistonda yashagan taniqli ukrainlar xotirasiga bag‘ishlagan kechalar tashkil qilinadi.Shunday insonlardan biri — Ukrainaning mashhur shoiri Pavel Grabovskiyning o‘g‘li, televideniye ixtirochisi Boris Grabovskiydir.
“Slavutich” markazi tomonidan nashr etilgan “O‘zbekistonlik ukrainlar” albomi diasporaning tarixi va bugungi kundagi hayotiga bag‘ishlangan. Albomda ukrain diasporasining iqtisodiyot, fan va madaniyat ravnaqiga hissa qo‘shgan vakillari tarixi va ko‘pqirrali faoliyati haqida hikoya qilinadi.
Ukrainaliklar O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning Kievga qilgan tashrifi vaqtida: “O‘zbekistonlik ukrainlar — bizning ukrainlar”, degan so‘zlarini minnatdorchilik bilan eslaydilar va“O‘zbekiston — umumiy uyimiz” iborasini faxr ila takrorlagan holda, o‘zbek xalqi bilan do‘stbirodar bo‘lib yashayotganliklaridan mamnun ekanliklarini ta’kidlaydilar.