“SVETLITSA POLSKA” O‘ZBEKISTON POLYAK MADANIY MARKAZI
Polyaklarning O‘rta Osiyoda paydo bo‘lishi ilk bor XIII asr manbalarida qayd etilgan bo‘lib, bu hodisani vrotslavlik monax Polyakning Vatikan ishlari bo‘yicha Sirdaryo vodiysi bo‘ylab Orol dengizigacha yetib borgani bilan bog‘lashadi. XIX asrda Turkistonda shakllanishni boshlagan polyak diasporasi Birinchi jahon urushi va jahon tarixidagi boshqa hodisalar natijasida kengaygan.
Kelib chiqishi polyak bo‘lgan yurtdoshlarimiz va Polsha tarixi, madaniyati, tili bilan qiziquvchi boshqa millat vakillarini 1989 yilda tashkil etilgan “Svetlitsa Polska” polyak madaniy markazi birlashtirgan. 1992 yili ushbu markaz respublika maqomiga ega bo‘lib, bugungi kunda u Toshkent shahridagi “Zajeve”, markazning Buxoro viloyatidagi bo‘linmasini, Samarqand viloyatidagi “Polonez” madaniy markazini va poytaxtning “Polskiy klass” jamiyatini o‘z ichiga oladi.
Markaz polyak madaniyatini ommalashtirish bilan birga Polshaning O‘zbekistondagi elchixonasi bilan ham yaqindan hamkorlik qiladi. Polyak xalqining Frederik Shopen, Adam Mitskevich, Stanislav Monushko, Nikolay Kopernik, Mariya SkladovskayaKyuri, Yan Mateyko kabi madaniyat, san’at va fan sohalarining taniqli arboblariga bag‘ishlangan ijodiy kechalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona madaniy aloqalarning yanada mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Markaz tomonidan o‘tkazilayotgan tadbirlar ichida buyuk yurtdoshimiz Zahiriddin Muhammad Bobur (1483–1530) va polyak xalqining buyuk san’atkori Anna German (1936–1982) faoliyati va ijodiga bag‘ishlangan kechalar alohida e’tiborga loyiq.Boshqaboshqa davrlarda yashab, ijod qilgan bu ikki inson bir kunda, ya’ni 14fevralda O‘zbek zaminida tug‘ilgani diqqatga sazovordir.
“Svetlitsa Polska” O‘zbekiston polyak madaniy markazida polshalik rassomlar ko‘rgazmalari, “Wspomnienia” — polyak shlyagerlari” musiqa festivallari o‘tkaziladi. Polyak tilini o‘qitish, yoshlarning polyak tilida ta’lim olishlariga ko‘maklashish markazning asosiy maqsadlaridan biri hisoblanadi.
Markaz “O‘zbekiston — Polsha” do‘stlik jamiyati bilan birgalikda tarixiy vatanlaridan yiroqda yashovchi polyaklar uchun Poloniya kuni, Konstitutsiya kuni va Polsha Mustaqilligi kunini, Velkanos — Pasxa, katoliklarning Rojdestvo, Dojinki — hosil bayrami kabi sanalarni nishonlaydi.
Ushbu tadbirlarda havaskor jamoalar ijrosidagi polyak xalq qo‘shiqlari yangraydi, rangbarang milliy liboslar va raqslar namoyish etiladi, bayram dasturxoni esa an’anaviy pishiriqlar bilan bezatiladi.