Print Friendly, PDF & Email

TOSHKENT SHAHAR DUNGAN MADANIY MARKAZI

O‘zbek diyoriga XIX asr oxirlarida ko‘chib kela boshlagan dunganlar 2008 yili bu zaminda yashayotganlariga 130 yil to‘lganini nishonladilar. Dunganlar asosan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida, shuningdek, Farg‘ona viloyatining shaharlarida istiqomat qiladilar. Asli kelib chiqishi Xitoyning Shensi viloyatidan bo‘lgan dunganlarning ko‘pchiligi Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumanidagi Dunganmahallada yashaydilar. Ular Islom diniga e’tiqod qilib, hammasi xitoy tilining shensi lahjasida so‘zlashadilar. 1990 yili tashkil etilgan Dungan madaniy markazining asosiy maqsadi — dungan xalqining tarixiy madaniyati va ona tilini saqlab qolishdan iboratdir.

Dunganlar qadimdan asosan dehqonchilik bilan shug‘ullanib kelganlar, hozir ham Dunganmahalla va madaniy markaz faollari birgalikda “dungan” navli yirik qizil rediska, qo‘zoqlari 50–60 sm “denduvigna” loviyasi, dutsay — yovvoyi sarimsoqpiyoz, sunzi — sichuan karami, bitsa — yirik bargli karam va achchiq dungan qalampiri kabi an’anaviy dungan sabzavotlarini yetishtirish usullarini targ‘ib qilish bilan ham shug‘ullanadilar.

Ta’lim dasturi doirasida Dunganmahallaning 42sonli o‘rta maktabida dungan tilida o‘qitish yo‘lga qo‘yilgan. Diasporaning turli yoshdagi vakillari uchun Toshkent, Samarqand va Buxoro, Xiva va boshqa shaharlaridagi diqqatga sazovor joylariga sayohatlar, dam olish maskanlariga yo‘llanmalar tashkil qilinadi.

Dungan madaniyati va san’ati muzeyini tashkil qilish maqsadida qadimgi liboslar, zebziynatlar va mehnat qurollari, uyro‘zg‘or buyumlarining noyob kolleksiyasi to‘plangan. Ushbu kolleksiya O‘zbekiston Badiiy akademiyasi ko‘rgazmalarida va respublikaning davlat muzeylarida, Markazning bayram tadbirlarida namoyish qilinadi.

Xalq hunarmandchiligini tiklash barobarida markaz qoshida guldo‘zi (gul solib tikilgan) kashta to‘garagi faoliyat ko‘rsatadi.Hunarmandchilikning bu turi dunganlar uchun eng qadimiy hisoblanib, asrlar davomida dunganlarning liboslari aynan shu guldo‘zi kashtalar bilan bezatilgan. To‘garak rahbari Mashalo Mavxur bir vaqtning o‘zida “Pintu yanyar” — an’anaviy kelinlar soch turmagi bo‘yicha usta hisoblanadi. Markaz raisi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, tarixshunosetnograf Mane Savurovning “Dungan taomlarining siri” va “Dungan oilasi” kitoblari ajdodlar merosini e’zozlash va yangi avlodga yetkazishda katta ahamiyat kasb etadi.

“Chinme” havaskorlar ansambli ijrosidagi dungan xalq qo‘shiqlari xalqimizning Navro‘z, Mustaqillik, Konstitutsiya kuniga bag‘ishlangan shodiyonalar va Xitoy Xalq Respublikasi milliy bayramlari munosabati bilan o‘tkaziladigan bayram tadbirlarida, oy kalendari bo‘yicha nishonlanadigan Yangi yil — Chunsze bayramida, shuningdek, dunganlar uchun qadrdon bo‘lib qolgan Respublika baynalmilal madaniyat markazi tadbirlarida ijro etiladi.