TOSHKENT SHAHAR GREK MADANIYATI JAMIYATI

Yunonlarning O‘zbekiston hududida paydo bo‘lishi Aleksandr Makedonskiyning Sharqqa qilgan yurishlari bilan bog‘liq. Mamlakat janubiy hududlarining Salavkiylar, YunonBaqtriya va Kushon podsholiklari tarkibiga kirishi yangi madaniyat — sharqiy ellinizm, ya’ni ellin va mahalliy an’analarning sintezi yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi.

Ammo bugungi kunda O‘zbekistonda yashayotgan yunonlarning tarixi Ikkinchi jahon urushi va urushdan keyingi voqealar bilan bog‘liq. O‘z xalqining erkinligi uchun fashizm bilan kurashgan qadimgi Ellada o‘g‘lonlari 1949 yil O‘zbekistonga ko‘chib kelgan. 1964 yili Toshkentda Grek siyosiy emigrantlari jamiyatini tashkil qilganlar. Diasporaning qaroriga ko‘ra, 1997 yil 4 mart kuni ushbu jamiyat Toshkent shahar Grek madaniyati jamiyatiga o‘zgartirilgan. O‘shandan beri va bugungi kunda otalar va bobolar vasiyati sifatida jamiyat doirasida ona tili va an’analarni saqlashga qaratilgan ishlar davom etib kelmoqda.
O‘tgan asrning 60yilarida hashar yo‘li bilan qurilgan madaniy markaz binosida bugungi kunda turli millat vakillari orasida ommabop bo‘lgan grek tili to‘garagi, milliy cholg‘u asbobi — buzuki va gitara to‘garagi, grek taomlari to‘garagi, O‘zbekistonning mashhur rassomi Yanis Salpinkidi va uning shogirdlari rahnamoligidagi rassomchilik to‘garagi, “Sirtaki” raqs ansambli faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Bu ansambl repertuarida grekcha raqslar — sirtaki, kolomatianos, kochchari, zimbekiko hamda dunyo xalqlarining, jumladan o‘zbek xalqining milliy raqslari mavjud. Tarkibi turli millat vakillaridan tashkil topgan “Sirtaki” ansambli “O‘zbekiston — umumiy uyimiz” respublika festivalining g‘olibi, respublikamizda nishonlanadigan barcha davlat va milliy bayramlarining doimiy ishtirokchisi hisoblanadi.

Jamiyat boshqa milliy madaniy markazlar bilan birga O‘zbekiston va Gretsiya Mustaqillik kunlari, “Oxi!”(“fashizmga yo‘l yo‘q!”) kuni, pravoslavlarning Pasxa va Rojdestvo bayramlarini nishonlaydi.
Diasporaning eng keksa vakillari va oqosoqollari bilan uchrashuvlar doim qiziqarli o‘tadi, ular o‘zlarining shonli mehnat yo‘llari, Mirzacho‘lni o‘zlashtirish, “Paxtakor” markaziy o‘yingohi, “Chilonzor” turarjoy massivi qurilishidagi ishtiroklari haqida faxrlanib so‘zlab beradilar. O‘zbek xalqi tomonidan o‘zlarining mehnatlariga berilgan yuksak baho bilan faxrlangan holda, o‘zbeklarning mehmondo‘stligi va qardoshlarcha yordami uchun minnatdorchilik bildiradilar.

Xalq orasida ellinlarning otashin qalbli avlodlari klubi deb ta’riflanuvchi va o‘zbekistonlik greklarning faxri hisoblangan Toshkent grek madaniyati jamiyatining fidokorona mehnati — diaspora madaniy merosining avaylab saqlanishi va e’zozlanishining yorqin namunasidir.