TOSHKENT SHAHAR LITVA MADANIYATI JAMIYATI
Litvaliklar O‘zbekiston hududida 100 yildan ko‘proq vaqt davomida yashab kelmoqdalar. Bugungi kunda ularning har biri o‘z taqdiri, oilasi, ishiga ega bo‘lib, barchasini yagona madaniyat, ana’analar va tarixiy ildizlar birlashtirgan.
Toshkent shahar Litva madaniyati jamiyati 1992 yilda tashkil etilgan.Jamiyat a’zolari Litva mustaqilligi kuni, Velikos — katoliklar Pasxasi, Kaledus — Rojdestvo, Ionenes — yozgi quyosh turishi kabi milliy bayramlari bilan bir qatorda O‘zbekistonning Mustaqillik kuni, Navro‘z kabi umumxalq bayramlarini nishonlaydilar.
Litvaliklar o‘z uchrashuvlarida qadimgi milliy urfodatlarini eslashadi, Litva va O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan voqealarni, jamiyatning loyihalarini muhokama qilishadi.
Jamiyat tomonidan Litva adabiyotining asoschisi Kristionas Donelaytis (1714–1780), ijodining ahamiyati bo‘yicha Pushkin bilan qiyoslanuvchi romantikshoir Mayronis (1862–1932), dunyoga tanilgan rassom va kompozitor Churlenis (1875–1911) kabi litva madaniyatining taniqli namoyandalarining hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan kechalar o‘tkaziladi.
Undan tashqari, O‘zbekistondagi litvaliklar jamiyatning keksa faollari uchun Litvaga tanishtiruv sayohatlari va bolalar uchun dam olish maskanlariga sayohat uyushtiradilar, milliy taomlarni tayyorlash, pasxa bayrami arafasida tuxum bezash va kulich pishirish bo‘yicha musobaqalar hamda bolalar rasmlarining ko‘rgazmalarini tashkil etadilar.
Jamiyat a’zolari yadro fizikasi bo‘yicha mutaxassis, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi a’zosi, professor Vitautas Bigalis, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan rassom Algirdas Chatkauskas, Mirzacho‘lni o‘zlashtirishda fidokorona mehnat qilgan Gennadiy Dovidaytis kabi vatandoshlari bilan faxrlanadilar va ularni doimo hurmat ila xotirlaydilar.
Toshkent shahar Litva madaniyati jamiyati rivojiga, mamlakatlararo hamkorlikni yanada yaxshilashga, milliy urfodatlar va an’analarni tiklashga, millatlararo totuvlikni mustahkamlashga jamiyatning raislari Yuozas Dervinis (1992–1997), Vidas Jaunis (1997–2007) va Jidrunas Seylyus (2007–2008) hamda “Shuhrat” medali bilan taqdirlangan jamiyatning faol a’zosi Algirdas Jaunis salmoqli hissa qo‘shganlar.
Jamiyat o‘z faoliyatida Litvaning taniqli yozuvchilari va shoirlarining asarlari va Litvada chop etiladigan gazeta va jurnallardan foydalanadi, jamiyat qoshida tashkil etilgan kutubxona fondi ona tilida nashr qilingan uslubiy qo‘llanmalar va boshqa adabiyotlar bilan muntazam to‘ldirilib turiladi. Ta’kidlash zarurki, dunyoning 30 dan ortiq mamlakatlaridagi litva diasporalari to‘g‘risida ma’lumot beruvchi “Pasaulio letuvis” — “Dunyo litvaliklari” jurnalida Toshkent shahar Litva madaniyati jamiyati to‘g‘risida ham maqola chop etilishi muhim voqea.
Litvaliklarning son jihatidan katta bo‘lmagan diasporasining har bir a’zosi o‘zini mamlakatimizning teng huquqli fuqarosi ekanini his qila turib, ko‘p millatli O‘zbekiston madaniyatini boyitishga munosib hissasini qo‘shib kelmoqda.