TOSHKENT SHAHAR “MEGOBROBA” GRUZIN MADANIY MARKAZI

Gruzinlar ko‘p asrlardan beri o‘zbek diyorida yashab kelganlar. Shota Rustavelining “Yo‘lbars terisini yopingan pahlavon” dostonida Xorazm va ushbu o‘lka bilan savdo hamda diplomatik aloqalar tilga olingan.
Toshkent shahrida 1994 yili tashkil qilingan Gruzin madaniy markazi “Megobroba” — “Do‘stlik” deb atalishi ham bejiz emas. Bu markazdagi barcha tadbirlar boshqa milliy markazlar, respublikaning davlat va jamoat tashkilotlari bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. O‘zbekiston va Gruziyaning Mustaqillik kunlari, gruziyalik san’at arboblari — “Sharq taronalari” xalqaro festivalining bir necha bor sovrindori “Loshari” folklor ansambli, taniqli qo‘shiqchilar Nani Bregvadze, Soso Pavliashvili va boshqa estrada hamda kino yulduzlari bilan uchrashuvlar o‘zbekgruzin do‘stligi kechalari ko‘rinishida o‘tkaziladi. Markazning madaniy aloqalar sohasidagi muvaffaqiyatli faoliyatiga O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniyma’rifiy aloqalar Kengashi bilan o‘rnatilgan hamkorlik ham yordam bermoqda.

O‘zbekistonlik gruzinlar uchun qadrdon bo‘lib qolgan O‘zbekiston bayramlari bilan bir qatorda Rojdestvo, Onalik va go‘zallik kuni, Pasxa — Shoba, Giorgob kuni, Rtveli — Uzum novdasi kuni kabilar gruzinlarning diniy va milliy bayramlari nishonlanadi. Bu tadbirlarda “O‘zbekiston — umumiy uyimiz” festivalining laureati “Mziuri” ansambli o‘zining jozibali raqslari bilan mehmonlarning ko‘ngillarini xushnud qiladi.Markaz qoshida ochilgan adabiyot to‘garagi ishtirokchilari ijrosida gruzin tilidagi she’rlar o‘qiladi.

“Megobroba” gruzin madaniy markazida O‘zbekiston tarixi, fan va madaniyat sohasidagi o‘zbekgruzin munosabatlari to‘g‘risidagi kitoblar taqdimoti, O‘zbekistonning “Buyuk xizmatlari uchun” va Gruziyaning “Shonsharaf” ordenlari bilan taqdirlangan dunyo miqyosida taniqli olim, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Edvard Rtveladze, gidrogeolog Tariel Kuchuxidze kabi mashhur yurtdoshlarimiz bilan ijodiy kechalarning o‘tkazilishi an’anaga aylangan.

“Megobroba” markazining sport jamoasi milliy madaniy markazlar o‘rtasidagi minifutbol bo‘yicha birinchilikda va toshkentlik mashhur sambochilar Soso Gognadze va Revkat Rezvanov xotirasiga bag‘ishlangan sambo turnirlarida qatnashadi.
Markazda har yili urush va mehnat faxriylarini tabriklash marosimlari, markazning hayotdan bevaqt ko‘z yumgan faollari — markazda ona tilining birinchi o‘qituvchisi Dina Abdushelashvili va Toshkentdagi Alisher Navoiy haykalining mualliflaridan biri — haykaltarosh Nodar Bandzeladze xotiralariga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkaziladi.
Gruzin yoshlarini o‘z xalqi va boshqa xalqlarning madaniy meroslariga hurmat bilan munosabatda bo‘lish ruhida tarbiyalash bo‘yicha ishlarni amalga oshirayotgan “megobroba” jamoatchiligi “o‘zbekiston — umumiy uyimiz” ekanligini faxr bilan ta’kidlaydi va o‘z kelajagini respublikadagi demokratik islohotlarga tayangan holda qurishda davom etadi.