TOSHKENT SHAHAR “SVITANAK” BELORUS MADANIY MARKAZI
Bugungi kunda O‘zbekistonda 19 mingdan ortiq belorus istiqomat qiladi. O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin 1993 yilda Toshkent shahar “Svitanak” belorus madaniy markazi tashkil etilganidan boshlab o‘zbekistonlik beloruslar o‘z ona tilini, ajdodlar madaniyatini o‘rganish va xalq bayramlarini tiklash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Markaz madaniyma’rifiy faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari muhim sanalarga bag‘ishlangan ma’ruzalar, konsertlar va tadbirlarni o‘tkazishdan iborat. O‘zbekiston va Belarus Respublikasi mustaqillik kunlari an’anaviy o‘zbekbelorus do‘stlik kechalari sifatida iliq va samimiy ruhda o‘tkaziladi. Xotira va qadrlash kunida Ikkinchi jahon urushida qatnashgan va halok bo‘lganlar yodga olinadi.
Urush yillarida evakuatsiya qilingan belaruslar, ularning vakili shoir Yakub Kolasning quyidagi she’ri eslanadi:
Belarus Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi bilan birgalikda urush davrida Belarusni ozod qilishda ishtirok etgan o‘zbekistonliklarga bag‘ishlangan kechalar o‘tkaziladi.
Markazda Navro‘z bayrami bilan birga Strechanu — bahor bayrami, Dajinki — hosil bayrami, Rojdestvo — Kalyadki bayrami, Slavyan yozuvi va madaniyati kuni keng nishonlanadi.
Yoshlarni jahon madaniy merosiga hurmat bilan qarash tamoyillari asosida tarbiyalash barobarida taniqli belorus shoirlari va kompozitorlarining asarlari asosida konsertlar o‘tkaziladi, belorus yozuvchilari Yanka Kupala, Petrus Brovka va urush yillarida Toshkentda yashagan Yakub Kolas tavallud kunlariga bag‘ishlangan kechalar tashkil qilinadi. “Slavutiye zemlyaki” kechalar turkumi iqtidorli toshkentlik haykaltarosh Nina Krimskaya, o‘zbek yozuvchilari Abdulla Qahhor, Oybek va Muqimiy ijodi tadqiqotchisi, filologiya fanlari doktori, professor va shoir Stefan Lixodziyevskiy kabi taniqli o‘zbekistonlik beloruslarga bag‘ishlanadi.
Xalq xori unvoniga sazovor bo‘lgan“Katyusha” jamoasi “Svitanak” belorus madaniy markazining tashrif qog‘ozi hisoblanadi, respublika festivallarining bir necha bor g‘olibi bo‘lgan ushbu jamoa barcha milliy markazlarda ham ardoqli mehmon sifatida kutib olinadi. Markaz qoshida yana bir yoshlardan tarkib topgan jamoa — “Dvijeniye” raqs ansambli faoliyat ko‘rsatadi. Uning repertuarida belorus, o‘zbek va boshqa xalqlarning raqslari o‘rin olgan.
“Svitanak” belorus madaniy markazi bilan birga 2006 yili Angren shahrida tashkil etilgan belorus madaniy markazi ham faoliyat yuritib kelmoqda. O‘zbekistonlik beloruslar hayoti, milliy bayramlari va an’analari respublika radiosi va gazetalari sahifalarida yoritilmoqda.