“WIEDERGEBURT” O‘ZBEKISTON NEMISLAR MADANIY MARKAZI

Nemislarning O‘zbekiston hududida istiqomat qila boshlashi tarixi XIX asrning 60yillariga to‘g‘ri keladi. 1990 yili Toshkentda hududiy bo‘limlarni birlashtiruvchi “Wiedergeburt” — “Tiklanish” nemis milliymadaniy markazi tashkil etilgan. Uning Buxoro, Samarqand va Farg‘ona filiallari shaharlarida ham faoliyat yurityapti.

O‘zbekiston nemislar madaniy markazining ustuvor vazifalari — nemis madaniyatining eng muhim jihatlarini tiklash, nemis xalqining jozibador qo‘shiq va raqslari bilan o‘tadigan quvnoq bayramlarini tashkil qilish, yoshlarni nemis tiliga o‘rgatishdir.
Ushbu markazlar qoshida yoshlar uchun xalq ijodiyoti, teatr va raqs san’ati bo‘yicha to‘garaklar ishlamoqda. Nemis tilini yil davomida chuqur o‘rganish dasturi doirasida Germaniyadan kelgan o‘qituvchilar ishtirokida “Sommersprachakademie” respublika yozgi lingvistika lageri tashkil qilinadi.
“Jugendstern” — “Yoshlar yulduzi” deb nomlanuvchi yoshlar tashkiloti markazga ijtimoiy, madaniy va ta’lim ishlarida ko‘maklashadi. Respublika raqs festivalini o‘tkazish, nemis tilida so‘zlashuvchi havaskor teatrlarning har yili o‘tkaziladigan festivalida jahon klassikasi, zamonaviy nemis va o‘zbek mualliflari asarlarini sahnalashtirish yoshlarning asosiy loyihalaridir. Yosh havaskor aktyorlarga yordam berish maqsadida Germaniyadan maxsus pedagoglar va teatr arboblari taklif etilib, ular ishtirokida teatr san’ati bo‘yicha masterklass o‘tkaziladi.

Keksa yoshdagilar uchun tashkil qilingan Senorlar klubida doimo xalq qo‘shiqlari yangraydi, yoshlar bilan an’anaviy Pasxa — Ostern, katoliklar Rojdestvosi — Weihnacht, Zaminni qadrlash bayrami — Erntedankfest, Onalar kuni va Otalar kuni — Muttertag va Fatertag, Oktoberfest bayramlari nishonlanadi.

Markaz tomonidan respublikada yashagan va yashayotgan nemislar tarixi bo‘yicha seminarlar, O‘zbekiston va Germaniyaning buyuk san’at namoyandalariga bag‘ishlangan kechalar o‘tkaziladi. Jahon musiqasining buyuk kompozitorlari Iogann Sebastyan Bax, Ludvig van Betxoven, Frans Shubert, Rixard Vagner, Volfgang Amadey Motsart asarlarining “So‘g‘diyona” o‘zbek milliy cholg‘ular orkestri tomonidan an’anaviy ijro etilishi keng jamoatchilik tomonidan doimo yuqori baholangan.
“Wiedergeburt” markazining so‘nggi nashrlari qatorida “O‘zbekistonning nemis rassomlari” kitobalbomi, “O‘zbekistonlik nemislar madaniyatlar muloqotida”, “Farg‘ona vodiysi nemislari: tarix va bugungi kun” kitoblarini ko‘rsatish mumkin.
Respublikada yashaydigan nemislar masalasi bo‘yicha 1995 yilda tashkil etilgan O‘zbekiston — Germaniya hukumatlararo komissiyasi faoliyati, shuningdek, komissiya a’zolarining faollar bilan muntazam uchrashuvlari respublikadagi Nemis madaniy markazlari ishiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yordam berib kelmoqda.
“Wiedergeburt” Germaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, Toshkentdagi Gyote instituti, boshqa nemis tashkilotlari, shuningdek, “O‘zbekiston–Germaniya” do‘stlik jamiyati bilan yaqindan hamkorlik qiladi.