ZAKI VALIDIY NOMIDAGI TOSHKENT SHAHAR BOSHQIRD IJTIMOIY MADANIY MARKAZI
Bugungi kunda O‘zbekistonda boshqird xalqining 30 mingga yaqin vakili yashaydi, ularning ajdodlari turli davrlarda O‘zbekistonga kelib qolib, shu o‘lkani doimiy Vatan sifatida tanlaganlar.
O‘zbekistonlik boshqirdlarning birinchi jamoat birlashmasi hisoblanmish Zaki Validiy nomidagi Toshkent shahar boshqird ijtimoiymadaniy markazi 1990 yil iyun oyida tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy maqsadi boshqird tili, urfodatlari va an’analarini tiklash va rivojlantirishdan iboratdir.
Boshqird xalqining bebaho folklor merosi hisoblangan “Uralbatir”, “Akbuzat”, “Alpamish”, “Kuziykurpyas va Mayanxilu” kabi xalq dostonlarini o‘rganishga va ommalashtirishga alohida e’tibor qaratiladi. Shu bilan birga zamonaviy tatar, boshqird yozuvchilari va shoirlarining ijodi targ‘ib qilinmoqda. Ular qatoriga respublika kitobxonlari orasida shuhrat qozongan “So‘g‘diyona”, “Qora beva”, “Oltin sanam” kabi sevimli tarixiy romanlar muallifi Yavdat Ilyosov va o‘ziga xos iqtidor sohibi, toshkentlik shoir Rim Yusupovni kiritish mumkin.
Markaz qoshidagi “Meros” yoshlar guruhi tomonidan taniqli o‘zbekistonlik boshqirdlar to‘g‘risida tarixiy ma’lumotlar jamlangan bukletlar chiqariladi, fan va madaniyat arboblarining tug‘ilgan kunlari nishonlanadi. O‘tgan asrning 20yillarida O‘zbekistonning ijtimoiysiyosiy va madaniy hayotida chuqur iz qoldirgan sharqshunos olim, jamoat arbobi Ahmad Zaki Validiy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan kechalar an’anaga aylangan.
O‘zbekiston Mustaqillik kuni va Boshqirdiston kuni, Navro‘z bayrami, Ro‘za va Qurbon hayitlari, tatarboshqirdlarning Sabantuy, Unish bayrami kabi qator milliy bayramlari keng ko‘lamda nishonlanadi. Ko‘p yillik an’anaga ega Boshqird madaniyati festivali doirasida O‘zbekiston va Boshqirdiston san’at ustalari, shu jumladan “Agidel” folklor jamoasi, “O‘zbekiston — umumiy uyimiz” respublika festivali laureatlari “Duslik” ijodiy uyushmasi, “Yashlek” tatarboshqird raqs ansambli o‘z mahoratlari bilan ko‘p sonli tomoshabinlarni xushnud qiladilar.
O‘z faoliyatini boshqird diasporasining ma’naviy ehtiyojlarini qondirishga, O‘zbekiston yutuqlarini Boshqirdistonda, Boshqirdiston yutuqlarini esa O‘zbekistonda targ‘ib qilishga qaratgan Markaz 1995 yildan boshlab har yili Ufada bo‘lib o‘tadigan boshqirdlarning umumjahon qurultoyida qatnashib keladi.
Bugungi kunda qardosh xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik va hamkorlik timsoli sifatida e’tirof etilgan Zaki Validiy nomidagi Toshkent shahar boshqird ijtimoiymadaniy markazi bilan bir qatorda Buxoro, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlarida ham tatarboshqird madaniy markazlari faoliyat olib bormoqdalar.