2021 yil Yangi O'zbekiston

O‘zbekiston uyg‘ur madaniy markazining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida joriy yilning 25 aprel kuni O‘zbekiston uyg‘ur madaniy markazining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda O‘zbekiston uyg‘ur madaniy markazining faollari, mamlakatimiz hududlaridagi filiallaridan kelgan 51 nafar delegat, ommaviy axborot vositalari vakillari, taklif etilgan Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi hamda Respublika turkman, qozoq, qirg‘iz, yahudiy milliy madaniy markazlari rahbarlari mehmon sifatida ishtirok etdilar.

Hisobot-saylov konferensiyasida kun tartibidagi O‘zbekiston uyg‘ur madaniy markazi raisining 4 yillik faoliyati haqidagi hisoboti, Markaz taftish komissiyasining hisoboti, Markaz hay’ati a’zolarini saylash, Markaz taftish komissiyasi a’zolarini saylash hamda O‘zbekiston uyg‘ur madaniy markazi raisini saylash to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

Amaldagi O‘zbekiston uyg‘ur madaniy markazi raisi H.Baratova o‘z hisobotida uyg‘ur tili, madaniyati, an’analari va urf-odatlarini saqlash va rivojlantirish maqsadida so‘nggi to‘rt yil mobaynida uning rahbarligida jami 100 tadan ortiq turli tadbirlar tashkil etilganligiga e’tiborni qaratdi. Jumladan, Respublika darajasida 8 marta turli milliy bayramlar keng nishonlanib, 50 tadan ortiq madaniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi. Markaz qoshida “Guldasta” ansambli tashkil etilgan bo‘lib, har yili iyul oyida poytaxtimizning “Turkiston” san’at saroyida jamiyatda ko‘p millatli katta oila his-tuyg‘usini, respublikamizda yashayotgan turli millat va elat vakillari o‘rtasida do‘stlik va totuvlikni yanada mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga qaratilgan “O‘zbekiston umumiy uyimiz” shiori ostida vatanparvarlik konsert dasturi namoyish etiladi.

O‘zbekistonda yashab o‘tgan va istiqomat qilayotgan millat va elatlarning jahon sivilizatsiyasini rivojlantirishga bebaho hissa qo‘shgan atoqli namoyandalari ma’naviy-madaniy va ilmiy merosini keng targ‘ib qilish maqsadida Markaz tomonidan 2019 yilda ulug‘ uyg‘ur mutafakkiri Yusuf Hos Hojib tavalludining 1000 yilligiga bag‘ishlab kitob chop etildi.

Millatlararo munosabatlar sohasida amalga oshirilayotgan davlat siyosatini markaziy va mahalliy teleradiokanallar, gazeta va jurnallarda yoritish borasida tizimli ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, O‘zbekiston Uyg‘ur madaniy markazi muassisligida 2017 yildan buyon yurtimizda “Takli Makan” jurnali chop etilmoqda.
Markaz jamiyatda do‘stlik, hamjihatlik va jipslik muhitini yangi darajaga ko‘tarishga qaratilgan turli xil tanlovlarning ham faol ishtirokchisidir. Masalan, Markaz 2018 yilda Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondining 30 million so‘mlik “Faxrimsan, g‘ururimsan ona O‘zbekiston” mavzusidagi davlat granti g‘olibi bo‘ldi.

Sirdaryo viloyatida tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan hamyurtlarimizni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2020 yilning may oyida tashkil etilgan “Biz – Sirdaryo bilan birgamiz” nomli xayriya aksiyasida ham O‘zbekiston Uyg‘ur madaniy markazi mehr-sahovat namunasini ko‘rsatdi. Jumladan, homiylarni jalb qilgan holda 30 ta yuk mashinasida ko‘ngillilar yordamga yuborilib, jabrlanganlarga kiyim-kechak va oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Pandemiya davrida ijtimoiy ko‘makka muhtoj 60 nafar oilaga 24 million so‘mlik moddiy ko‘mak ko‘rsatildi. Bundan tashqari Sirdaryolik bir nafar kam ta’minlangan fuqaro farzandining jarrohlik amaliyoti uchun 20 million so‘m ajratildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Uyg‘ur madaniy markazi xalqaro maydonda ham o‘zining madaniy faolligini namoyish qildi. Jumladan, “Guldasta” ansambli 2017 yilda Qozog‘istonning Nursulton shahrida bo‘lib o‘tgan maqom festivalida faxrli 2-o‘rinni oldi. 2019 yilda Rossiya Federatsiyasidagi turkiy xalqlar uchun tashkil etilgan Navro‘z bayramida ishtirok etdi.

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Azamat Toshev o‘zining ma’ruzasida milliy madaniy markazlarning asosiy vazifasi mamlakat suverenitetini mustahkamlash, davlatning hududiy yaxlitligini ta’minlash maqsadlariga erishishdek oliyjanob g‘oya atrofida millatlarni birlashtirish orqali O‘zbekistonning barqaror rivojlanishiga hissa qo‘shishdan iboratligini qayd etdi. O‘zbekistonda yashayotgan barcha millatlar, jumladan uyg‘urlar uchun teng huquq va erkinligini ta’minlashning huquqiy asoslari yaratilgan. Shuningdek, maruzachi Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizdagi milliy madaniy markazlarning O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, do‘stlik muhitini va ko‘pmillatli yagona oila tuyg‘usini mustahkamlashga qaratilgan faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun Respublika Davlat budjetidan 2020 yilda 2 mlrd. so‘m, 2021 yilda esa 7 mlrd. so‘m mablag‘ ajratilganligiga e’tiborni qaratdi.

Shundan so‘ng Markaz taftish komissiyasining hisoboti eshitildi. Tadbir doirasida 51 nafar delegatlar orasidan 19 nafar Markaz hay’ati a’zolari saylab olindi. Hisobot-saylov konferensiyasida tashkiliy masala ko‘rildi. O‘zbekiston uyg‘ur madaniy markazi raisi lavozimiga delegatlar tomonidan 3 kishining nomzodi ko‘rsatildi. Yashirin ovoz berish yo‘li bilan O‘zbekiston uyg‘ur madaniy markazining raisi saylovi o‘tkazildi.

Bugungi kungacha O‘zbekiston uyg‘ur madaniy markaziga raislik qilib kelayotgan Halima Baratova 18 ta ovoz to‘plab, ko‘pchilik ovoz bilan ushbu lavozimga yana qayta saylandi. Bir nafar delegat betarafligini bildirdi.

Tadbir davomida O‘zbekiston uyg‘ur madaniy markazi va Qo‘mita rahbariyati tomonidan ishtirokchilar va jurnalistlarning savollariga aniq va to‘liq javob qaytarildi. O‘zbekiston uyg‘ur madaniy markazi hisobot-saylov konferensiyasi amaldagi qonun hujjatlari va Markaz ustavi talablariga mos ravishda, ochiq va oshkora tarzda bo‘lib o‘tdi.