Yangiliklar

Xonobod shahrida do‘stlik uchrashuvi

Eng ulug‘, eng aziz bayramoldi uchrashuvlaridan yana biri Xonobod shahrida bo‘lib o‘tdi. Qo‘shni Qirg‘iziston bilan chegaradosh bo‘lgan ushbu obod va ko‘rkam shaharda ham qirg‘iz millatiga mansub bo‘lgan vatandoshlarimiz asrlar osha o‘zbeklar bilan ahil qo‘shnichilikda yashamoqdalar. “Fozilmon ota” ziyoratgohida bo‘lib o‘tgan uchrashuvga “Toyit” va “Xidirsho” mahalla fuqarolar yig‘inlarida yashovchi mahalla oqsoqollari, qirg‘iz millatiga mansub faol ayollar va tadbirkor yoshlar vakillari ham taklif etildilar.
Uchrashuvda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasining bo‘lim boshlig‘i Munojotxon Nurmatova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining mazmun-mohiyatiga atroflicha to‘xtalib o‘tib, Farmonning jamiyatda barqarorlik, tinchlik va totuvlikni ta’minlash, fuqarolar ongida yagona, ko‘p millatli ahil oilaga mansublik tuyg‘usini mustahkamlash, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirish, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-ma’rifiy aloqalarni kengaytirishda muhim ahamiyatga ega ekanligi haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi. Notiqning hayotiy voqyealar va qiziqarli misollar orqali bayon qilingan chuqur mazmunli fikrlari yig‘ilganlarda katta taassurotlar qoldirdi, ular bunday uchrashuvlarni yanada kengroq doiralarda, muntazam ravishda o‘tkazib turilishini taklif etdilar.
Fuqarolar ongida ko‘p millatli yagona oila tuyg‘usini mustahkamlash, «O‘zbekiston — umumiy uyimiz» tamoyilini amalga oshirish, yoshlarni bag‘rikenglik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, tarix, madaniyat, milliy ana’ana va urf-odatlarni asrab-avaylash ruhida tarbiyalashga alohida berilayotgan e’tibor tufayli bugungi kunda jonajon Vatanimiz — O‘zbekiston dunyodagi eng tinch mamlakatlar qatorida ikkinchi o‘rinni egallab turganligi haqidagi ma’lumotlarni yig‘ilganlar alohida diqqat va e’tibor bilan tingladilar va qalblaridagi quvonch va iftixor tuyg‘ularini gulduros qarsaklar orqali ifoda etdilar.
Bu tinchlikni ko‘z qorachig‘idek asrash uchun har bir fuqaro mas’ul ekanligini bo‘lib o‘tgan tadbirlarda alohida qayd etib o‘tildi.
Normatova Anorxon,
Andijon viloyati qirg‘iz milliy
madaniy markazi faoli,
Xonobod shahar kengashi deputati.