Qo’mita haqida

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do’stlik aloqalari qo’mitasi haqida

O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do’stlik aloqalari qo’mitasi Respublika baynalmilal madaniyat markazi hamda O’zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do’stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyatlari Kengashi faoliyatlari negizida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 maydagi №PQ-5046 – sonli qaroriga asosan tashkil qilingan.


Quyidagilar Qo’mitaning asosiy vazifalari etib belgilansin:
— jamiyatda millatlararo hamjihatlik va bag’rikenglikni ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatini izchil amalga oshirish, do’stlik va ko’p millatli yagona oila tuyg’usi muhitini mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash;
— do’stona xalqaro aloqalarni yo’lga qo’yish, o’zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy mamlakatlarning fuqarolik hamjamiyatlari, shu jumladan chet ellarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan do’stlikni mustahkamlash borasidagi ishlarni samarali muvofiqlashtirish;
— davlat organlarining respublika hududida joylashgan milliy madaniy markazlar va do’stlik jamiyatlari bilan o’zaro aloqasi va hamkorligini ta’minlash;
— mamlakatimizda yashovchi turli millat va elatlar vakillarining o’ziga xos milliy an’analari, urf-odatlari va rasm-rusumlarini asrab-avaylash va rivojlantirishga ko’maklashish;
— xorijiy mamlakatlarda davlatimizning tinchliksevar siyosati, demokratik huquqiy davlat, kuchli fuqarolik jamiyati qurish borasida O’zbekistonning maqsad va vazifalarini, shuningdek, bugungi kunda mamlakat hayotining barcha sohalarida erishilayotgan muvaffaqiyatlarni keng targ’ib qilish;
— millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do’stlik aloqalarini yanada rivojlantirish va uyg’unlashtirishga bag’ishlangan ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil qilishda ko’maklashish va bevosita qatnashish.


Qo’mita millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do’stlik aloqalarini mustahkamlashga yo’naltirilgan yagona davlat siyosatining amalga oshirilishini ta’minlovchi davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.


2017 — 2021 yillarda O’zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo’nalishi bo’yicha Harakatlar strategiyasining qabul qilinishi va amalga oshirilishi, biz yashayotgan bugungi davrning o’zi davlatimiz mustaqilligi va suverenitetini mustahkamlash, mamlakat atrofida xavfsizlik, barqarorlik va yaqin qo’shnichilik muhitini yaratishga qaratilgan puxta o’ylangan, o’zaro manfaatli va amaliy siyosatni yuritish, shuningdek, aholi, ayniqsa, yoshlar ongida insonparvarlik qadriyatlarini, turli millat vakillari o’rtasida o’zaro hamjihatlikni yanada mustahkamlash, bu borada amalga oshirilayotgan ishlarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko’tarishni taqozo etmoqda.
O’zbekiston Respublikasi Prezidentining «Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do’stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi Farmoni Harakatlar strategiyasining beshinchi yo’nalishi ijrosini ta’minlashda O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do’stlik aloqalari qo’mitasining tashkil etilishi muhim ahamiyat kasb etadi.